Bo'stonliq haqida nimalarni bilishingiz kerak


Bodakkoʼl - Toshkent shahridan 170 km uzoqlikda, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda, Pskom daryosining chap qirgʼogʼida Bodaksoyning ichida joylashgan. Pskom daryosining qoʼshilishidan Bodaksoy koʼligacha soʼqmoq yoʼl orqali piyoda 8 km yuqoriga chiqib boriladi. Bodaksoy koʼli togʼ jinslarini koʼchishi natijasida toʼgʼon hosil qilib, katta muzliklarni erishi va soy suvi koʼpayishi orqali Bodak koʼli paydo boʼlgan. Koʼlning dengiz sathidan balandligi 1700 metrni tashkil qiladi. Bodak koʼlining suv hajmi 4,200 mln m3, uzunligi esa 1,130 km, eni 0,274 km, chuqurligi 13,5 metr, ayrim joylari 23,2 metr, suv yigʼish maydoni 34,7 km2, suv yuzisining maydoni 0,310km2ni tashkil qiladi.


Bodak koʼli Pskom daryosining irmogʼi hisoblanib, “Badak” yoki “Baydak” degan turkiy soʼzlardan olingan boʼlib, “Keng” degan maʼnoni anglatadi. Bodaksoy “katta”, “keng”-soy deganidir. Bodok (Badok)-Oʼzbeklarning qadimiy avlodlaridan birining nomi hamdir.

Muzliklar erishi natijasida iyunь-avgustь oylarida koʼl suvi koʼpayib, oktyabrь-noyabrь oylariga borib suv sathi kamayadi. Koʼlda suvning kamayishini asosiy sababi, soyda katta-katta xarsang toshlarning zich joylashmaganligi, tuproq bilan aralashmasi yoʼqligi sababli suv yer ostiga shimilib ketadi. Bodaksoyda XX asrning 70-80 yillarida geologik qidiruv ishlari olib borilgan.Bodak koʼli nafaqat oʼzining zilol toza buloq suvlari, betakror tabiat manzarasidan tashqari oʼziga xos boʼlgan oʼsimlik va hayvonot dunyosi xilma-xilligi va tarixiy joylari bilan boshqa hududlardan ajralib turadi.